Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari toshqin oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun Qozogʻistonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumaniga kelishdi. Bu haqda Sputnik Qozogʻiston respublikasi Favqulodda vaziyatlar qoʻmitasi matbuot xizmatiga asosan xabar qildi.

205 nafar xodim oʻzlari bilan turli xil texnika – oʻt oʻchirish mashinalari, ekskavatorlar, traktorlar, suv nasoslari, yuk tashish mashinalari va fuqarolarni tashish uchun avtobuslar olib kelishgan.

“Qoʻshni davlatdan kelgan ishchi guruh toshqin suvlarini tortib olishga, kanallarni oqizishga va toʻgʻonlar qurishga yordam beradi. Shuningdek, ular uy-joy qurilishida ishtirok etadi”, deyilgan xabarda.

Eslatib oʻtamiz, 1-may kuni erta tongda Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori toʻgʻonlardan biri yorilib ketdi. Viloyatdagi bir necha qishloq, shu jumladan Qozogʻiston janubidagi hudud suv ostida qoldi. Ikki mamlakatda umumiy hisobda 120 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sardobadagi texnogen ofat tufayli Qozogʻistonning janubiy qismidagi hududlar ham zarar koʻrgani, Oʻzbekiston hukumati tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha qoʻshni davlat bilan yaqindan hamkorlik qilishini aytib oʻtgandi.

Facebook Comments