Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Oʻzbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar ahvoli haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, 2314 nafar fuqaro koronavirusga chalingan sifatida roʻyxatga kiritilgan boʻlsada, ularning faqat 648 nafari hozirgi vaqtda shifoxonalarda davolanmoqda.

“Ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasiga chalingan 2314 fuqaro roʻyxatga olingan. Bemorlarni davolashda ijobiy natijalar qayd etilyapti. 7-may kuni 79 fuqaro toʻliq sogʻaygan va reabilitatsiya markazlariga oʻtkazilgan. Ayni paytga qadar 1656, yaʼni 72 foizdan ortiq bemor virusdan butkul forigʻ boʻlgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda davolanayotgan 648 bemordan 9 nafarining ahvoli ogʻir. 42 mingga yaqin fuqaro karantinda boʻlib turibdi. Ulardan olingan namunalar muntazam laboratoriyalarda tahlil qilinmoqda. Oxirgi bir kunning oʻzida 12 ming 600 dan koʻproq holatda, jami 371 mingdan koʻproq laboratoriya tekshiruvlari oʻtkazilgan”, deydi Nurmat Otabekov.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda kasallanish holatlari soni kamayib, epidemiologik vaziyat barqarorlashib borayotgani munosabati bilan, Oʻzbekiston hukumati karantin choralarini yumshatishga qaror qilgan, mamlakat “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratilgan.

Maʼlumot uchun, 15-mart kuni rasman Oʻzbekistonda infeksiya tasdiqlangach, 10 kishi vafot etdi. 7-may kunida 79 nafar koronavirusga chalingan bemor butunlay sogʻayib, xastalikdan forigʻ boʻlganlar soni 1656 nafarga yetdi. Umumiy davolanish koʻrsatkichi 72 foizga yetdi.

Facebook Comments