Bugun, yana 10 nafar bemor tuzalib, jami sogʻayganlar 1748 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasida 5 nafar, Toshkent shahar 3-sonli tugʻruq kompleksida 4 nafar hamda Samarqand viloyatida yana 1 nafar, jami 10 nafar bemor sogʻayib, reabilitatsiyaga kuzatilgan.

Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasida tuzalganlarning 4 nafari erkak, 1 nafari ayol. Hududlar kesimida oladigan boʻlsak, Fargʻona, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahridan 1 nafardan. Ularning 2 nafari Rossiyadan, 1 nafari Turkiyadan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. Qolgan 2 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning eng yoshi kattasi 54 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.

3-sonli tugʻruq majmuasida sogʻaygan ayollarning 2 nafari Toshkentdan, 2 nafari esa Toshkent viloyatidan boʻlib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, kasallikni yuqtirib olgan. Ularning eng yoshi kattasi 37 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 24 yoshda. Toshkent shahrida shu paytga qadar 518 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 527 nafarga yetdi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida tuzalgan yana 1 nafar 55 yoshli ayol Toyloq tumanidan boʻlib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, kasallikni yuqtirib olgan. Endilikda viloyatda sogʻayganlar 70 nafarga yetdi.

Shunday qilib, bugun 92 nafar bemor tuzalib, respublika boʻylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sogʻayganlar 1748 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib oʻtamiz, ayni paytda Oʻzbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni 2324 nafarni tashkil qilib, sogʻaygan va vafot etganlardan tashqari, jami 566 nafar bemor davolanmoqda.

Facebook Comments