1-may kuni internetda Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi suv toʻgʻonining buzilib, suv toshib chiqqan joyini toʻgʻirlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tasvirlangan video paydo boʻldi.

Vertolyotdan turib olingan videodan koʻrish mumkinki, toʻgʻonning buzilgan qismi yaqinida koʻplab texnikalar toʻplangan boʻlib, ular falokatni bartaraf etishga safarbar qilingan.

Eslatib oʻtamiz, 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgandi. Oqibatda Sardoba tumani Qoʻrgʻontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Bunda, asosan, suv ekin maydonlariga zarar yetgan.

Maʼlumot uchun, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir boʻlgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan, hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan, shuningdek, 4 nafar fuqaroning tabiiy ofat oqibatida halok boʻlgani, 1 nafari bedarak yoʻqolgani aniqlandi.

Toʻgʻonning yorilishi yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovni DXX olib borishi taʼkidlangan.

Facebook Comments