Kecha, 7-may kunidan “HUMO” bank plastik kartalaridan foydalanishda muammolar boshlangan. “HUMO” plastik kartalari orqali kartadan kartaga pul oʻtkazish, naqd pul yechish, shuningdek savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida toʻlov terminallari orqali toʻlovlarni amalga oshirib boʻlmayapti.

Kun.uz Milliy banklararo protsessing markazi, HUMO toʻlov tizimi vakillari bilan bogʻlangach markaz vakillaridan biri haqiqatan ham shunday texnik muammolar yuz berganini taʼkidlab, qisqa fursatlarda buning sabablariga oid batafsil axborot berilishini maʼlum qilgan.

Bundan tashqari, ayni paytda nuroniylarimiz pensiyalari yoppasiga plastik kartaga oʻtkazilayotgani ularning ayrimlarida eʼtiroz keltirib chiqarmoqda. Bu bor gap, deya yozadi “Platforma.uz” muallifi.

Toʻgʻri, koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi salomatligini asrash uchun nafaqalarning bunday shaklda berilishini tushunamiz. Lekin pensionerlarni dargʻazab qilayotgan masala boshqa.

Avvalida aytildiki, nuroniylarga ularning istagiga qarab, “Uzcard” yoki “HUMO” kartasi ochib berilishi, nima boʻlganda ham, tanlovni pensionerlarning oʻzlari qilishi kerak edi. Ammo Markaziy bankdagi qaysidir vallomatning bir ogʻiz gapi bilan pensionerlarga yoppasiga “HUMO” kartalari “tiqishtirildi”.Xoʻsh, natija nima boʻldi?

Soʻnggi ikki uch kunda maʼlum boʻldiki, “HUMO” toʻlov tizimi hali ommaviy foydalanishga tayyor emas ekan. Umuman, ishlamayapti. Biroq, bu haqiqat Markaziy bank va Moliya vazirligida oʻtirgan rutbasi ulugʻ amaldorlarga yetib borgunicha butun respublika miqyosida bir necha yuz minglab “HUMO” kartalari pensionerlar nomiga (ularning bundan xabari ham yoʻq) ochib boʻlingandi.

Markaziy bankning “qilmishi” jabrini esa keksalarimiz tortyapti. Sarson boʻlyapti. Natijada hamma hech qayerda “oʻtmayotgan” “HUMO”ni koʻtarib, pulini naqdlashtirish uchun bankka boryapti.

Banklarda esa hozir ajiotaj. Boz ustiga koronavirus endi jilovlanayotganda “Uzcard” monopoliyasini jilovlash masalasini keyinroqqa surib tursa boʻlmasmidi?

Aslida “HUMO” kimniki yoki kimlarniki? Bu yerda Markaziy bankda oʻtirgan amaldorning qanday manfaati bor? Bularning hozircha javobi yoʻq savollar. Har holda Markaziy bank yana suvdan quruq chiqish ehtimoli yuqori. Yana ham kim biladi deysiz…

“Bularning barcha mutlaqo shaxsiy fikrlar”, deya yozadi muallif maqolasi soʻnggida.

Facebook Comments