Endi qishloq xoʻjaligi, kiyim-kechak va trikotaj mahsulotlarini xorijga avtomobil va havo transporti orqali eksport qilinganda ham transport xarajatlarining 50 foizgacha qismini davlat byudjetidan qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

Bu qoida bugun, 7-may kuni imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining “Eksport faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz aksini topgan. Tartib joriy yilning 1-aprelidan boshlab amalga oshirilgan eksport uchun amal qila boshlaydi.

Prezident qarori bilan eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

Shu vaqtgacha amalda boʻlgan tartibga koʻra, mahsulot faqatgina temir yoʻl transporti orqali chegaradosh boʻlmagan davlatlarga eksport qilinganda xarajatlarning 50 foizgacha qismini qoplash uchun subsidiya toʻlash belgilangan edi. Endi bunday subsidiya toʻlash tartibi joriy yilning 1-aprelidan boshlab avtomobil va havo transporti orqali eksport qilinganda ham tatbiq etilmoqda.

Mahsulotlar eksport qilinganda transport xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini qoplash uchun subsidiya beriladigan mahsulotlar roʻyxati qayta tasdiqlanmoqda.

Bunda roʻyxatga:

32 turdagi hoʻl-meva, poliz ekinlari, sabzavotlar hamda quritilgan, muzlatilgan va konservalangan mevalar kiritilmoqda. (bu mahsulotlar eksporti jami meva-sabzavotlar eksportining 71 foizini (1,2 mlrd dollar) tashkil etadi);

2 turdagi yarim tayyor toʻqimachilik mahsulotlari (trikotaj mato va ip gazlama) kiritilmoqda (bunda transport xarajatlari uchun subsidiya toʻlash tizimi trikotaj mato boʻyicha 2021-yil yakuniga qadar** amalda boʻladi);

kiyim (TIF TN boʻyicha 61-tovar guruhi) va kiyimga tegishli boʻlgan (TIF TN boʻyicha 62-tovar guruhi) hamda boshqa toʻqimachilik mahsulotlari (TIF TN boʻyicha 63-tovar guruhi) guruhiga tegishli boʻlgan tikuv-trikotaj mahsulotlarining roʻyxati unifikatsiya qilish orqali kengaytirilmoqda.

**Yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini ragʻbatlantirish maqsadida 2022-yilning 1-yanvaridan boshlab 1 tonna trikotaj matoni eksport qilish uchun 50 dollar (2023-yildan – 100 dollar; 2025-yildan – 200 dollar) miqdorida yigʻim undirilishi belgilangan.

Shunga koʻra, yarim tayyor toʻqimachilik mahsulotlariga transport xarajatlari uchun subsidiya toʻlash tizimi faqatgina koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida amal qilishi belgilanmoqda.

Respublika eksport komissiyasiga (rahbari — bosh vazir oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov) quyidagi vakolatlar berilmoqda:

subsidiyalar taqdim etish shartlari va miqdorlarini belgilash hamda tartibini tasdiqlash;

transport xarajatlari uchun subsidiyalar toʻlanadigan mahsulotlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;

mahsulot turi, hajmi va eksport yoʻnalishiga qarab subsidiyalarning qatʼiy miqdorlarini belgilash.

Roʻyxatdagi mahsulotlar Oʻzbekistongga chegaradosh boʻlgan Afgʻoniston Respublikasiga eksport qilinganda ham transport xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya toʻlanishi belgilanmoqda. Shu vaqtgacha chegaradosh (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afgʻoniston) davlatlarga eksport qilinadigan mahsulotlar boʻyicha transport xarajatlari uchun subsidiya taqdim etilmasdi.

Eksportoldi moliyalashtirish kreditlarini olishda garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanilganda sugʻurta mukofotini qoplashga Eksportni ragʻbatlantirish agentligi orqali kompensatsiyalar taqdim etish tizimi joriy etilmoqda. Shuningdek, 2021-yil 1-yanvarga qadar bojxona chegarasidan eksport operatsiyalari boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning qarzdorligi mavjudligini tekshirish amaliyoti bekor qilinmoqda.

Facebook Comments