Oʻzbekistondagi jome masjidlari ochilishi toʻgʻrisidagi xabar rasman tasdiqlanmadi. Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aytilishicha, shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda goʻyoki Oʻzbekistondagi jome masjidlarda shu yil 6-maydan eʼtiboran taroveh va juma namozlari oʻqilishi toʻgʻrisida tarqatilayotgan audioxabar yolgʻon va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

Aholi orasida asossiz va yolgʻon xabar tarqatish Islom dini taʼlimotlarida qattiq qoralanadi, qonunchilikda esa javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.

Maʼlumki, Oʻzbekistondagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish maqsadida, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha fatvosi va Ramazon oyini oʻtkazish boʻyicha bayonotida juma namozi oʻrniga uyda peshin namozini, besh mahal va Ramazon oyidagi tarovih namozlarini uyda oʻqish haqida alohida qayd etilgan.

Shunday ekan Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga mos ravishda masjidlarda jamoat boʻlib ibodat qilish boshlanishi haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasining rasmiy nashrlari tomonidan eʼlon qilinadi.

Oʻz navbatida moʻmin-musulmonlarni mana shunday ixtilof, fitna va ikkilanishlarga sabab boʻladigan materiallarni tarqatmaslikka chaqiramiz. Alloh taolo barchamizga insofu tavfiq berib, toʻgʻri yoʻlda sobitqadam qilsin!

Facebook Comments