Sirdaryo viloyati Sardoba suv omborida sodir boʻlgan favqulodda vaziyat sababli davlatimiz rahbarining shaxsiy topshirigʻiga asosan, Oʻzbekiston prezidenti maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov boshchiligida Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari hamda respublikamizning barcha hududlaridan Xalq qabulxonalari vakillari talofat koʻrgan qishloqlarga zudlik bilan yetib bordi.

Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlarida suv toshqinidan zarar koʻrgan 24 ta mahallada vaziyatni oʻrganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida Sardoba shaharchasida Prezident Administratsiyasi vakillari rahbarligida tezkor Shtab tashkil etildi.

Ushbu Shtab qoshida yoʻnalishlar boʻyicha 12 ta ishchi guruhlari tuzilib, uning tarkibiga Prezident Xalq qabulxonalari, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xizmatlari markazlari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, Yermulkkadastr xodimlari kiritildi.

Tezkor Shtab tomonidan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilandi va unining ijrosini taʼminlash ishlari jadallik bilan boshlab yuborildi.

Jumladan, Xalq qabulxonalari xodimlari ofatdan zarar koʻrgan har bir xonadonga borib, oilalarning turar-joylari va molk-mulklariga yetkazilgan zararlar aniqlanmoqda. Uyma-uy yurish orqali har bir oilaning turar-joylari, qoʻshimcha binolari (oshxona, omborxona, molxona, hammom, tandirxona, garaj va boshqalar), maishiy buyumlari, transport vositalari, qoramollari, otlari, qoʻy-echkilari, parrandalari, bogʻlari, isiqxonalariga yetkazilgan zararlar hamda yoʻqolgan hujjatlari aniqlanmoqda.

Prezident Administratsiyasi xodimlari ofatdan zarar koʻrganlarning har qanday muammosini hal etish, jabrlangan fuqarolarning murojaatlarini tezkorlik bilan koʻrib chiqilishi hamda ularda koʻtarilgan masalalarning joyida hal etilishini taʼminlamoqda.

Xususan, joriy yilning 7-may holatiga ishchi guruhlari tomonidan Sardoba tumanining “Qoʻrgʻontepa”, Oqoltin tumanining “Ahillik” va “Sahovat” mahallalardagi 1300 dan ortiq xonadonlar oʻrganilib, birinchi kunlardayoq 1000 ga yaqin oila kundalik roʻzgʻor uchun zarur boʻlgan idish-tovoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, gigiyenik vositalar hamda issiq kiyim-kechaklar bilan taʼminlandi.

Shu bilan bir qatorda hududlarda tozalash, taʼmirlash va qurilish ishlari ham jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, bugungi kunda joylarda chiqindilarni olib chiqish, yoʻllarni taʼmirlash, aholini suv, elektroenergiya va gaz taʼminotini yoʻlga qoʻyish ishlari ketmoqda. Jami bu ishlarga 20 mingdan ziyod ishchilar hamda 3.5 mingga yaqin maxsus texnika jalb etilgan. Ishlar davom etmoqda.

Facebook Comments