Namanganda BAAdan kelgan investorlar intensiv bogʻ qoʻrishni boshlashdi.

Namanganning Yangiqoʻrgʻon tumanining “Xadikent Kelajak tongi” agrofirmasi hududida Birlashgan arab amirliklarining toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyasi yoʻnaltirilib 105,8 gektar maydonda zamonaviy intensiv bogʻ barpo etilmoqda.

BAAning “Sura Holding LLC” kompaniyasi taʼsischiligida tashkil etilgan “Sura General Investments” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxona tomonidan taqdim etilgan intensiv bogʻ tashkil etish loyihasi “Namangan viloyatida 2020-2022-yillarga moʻljallangan Hududiy investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror bilan tasdiqlangan boʻlib, loyihani ishga tushirish 2020-yilning 3-choragiga belgilangan.

Bogʻ yaratish uchun ajratilgan yer maydon hududi chegaralari himoya vositalari bilan oʻralib, tayyorlandi. Turkiya texnologiyasi boʻyicha tomchilab sugʻorish tizimlari oʻrnatilib sinov ishlari olib borilayotgani ishlar belgilanganidan ham jadal ketayotganini koʻrsatadi.

Italiyadan qariyb 50 ming dona gilos, olxoʻri va shaftoli koʻchatlari olib kelinib, koʻchat ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

Loyihani amalga oshirish natijasida 3,0 mln. AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilmoqda, 40 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Facebook Comments