Fuqarolik mutaxassisligimga koʻra, jurnalistman. Ammo qariyb 15 yildan beri huquq himoyachiligi faoliyati bilan shugʻullanaman. Taʼkidlashim kerak, men rahbarlik qiladigan inson huquqlari tashkiloti yaqin oʻtmishda militsiyadagi koʻplab korrupsiya va qonunbuzarliklar faktlarini fosh qilib, katta-katta zobitlarning javobgarlikka tortilishiga sabab boʻlgan.

Masalan, 2009-yilda opa-singil Soatovalarning tergov izolyatorida zoʻrlanishi, bu voqeadan soʻng qizlarning otasi insultdan oʻlishi fojiasi hatto BMTga qadar chiqqan, tashkilotning Qiynoqlar boʻyicha maxsus maʼruzachisi Manfred Novak ishni taftish qilishni soʻrab, Karimovga murojaat qilgan. Internetning GOOGLE tarmogʻi orqali “opa-singil Soatovalar” kalit soʻzi yozilsa, bu ishning qanchalik shov-shuv boʻlgani koʻrinadi.

Oʻshanda tergov izolyatoridagi jinsiy zoʻravonlik boʻyicha prokuratura tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, hatto tergovchi Azizxon Umarxonov hamda JQBning bir qancha mulozimlaridan DNK analizlari olingan. Oʻsha Azizxon Umarxonov bugungi kunda shahar militsiyasining rahbarlaridan biri — yoʻl harakati inspektorlariga koronavirus karantini davrida “rezultat” qilish boʻyicha topshiriq bergani bilan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga yaxshi tanish odam.

Oʻsha paytda Qashqadaryo militsiyasining jinoyat qidiruv boʻlimi sobiq boshligʻi, polkovnik Anvar Ziyodov ham qiynoqlar fakti boʻyicha tizimdan chetlatilgani aytilgandi. Ammo oradan koʻp oʻtmay bu odamning Chiroqchiga “uchastkavoy” qilib joʻnatilgani va bu yerda Almardon Berdiqulovni urib, oʻldirib qoʻygani fosh boʻldi. Yaʼni, tizim, uning mulozimlari mudom jazolanmasligi haqida gapirganda biz kabi oddiy odamning oyogʻi qaltirab ketadi.

Koʻplab tanishlarim xonanda Yulduz Usmonovaning militsiya bilan bogʻliq ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi va uning javobgarligi masalasiga munosabatimni soʻrashdi. Ham qoʻrqib, ham “Iymonsizning jazosini dinsiz bersin” qabilida indamay yurgandim, boʻlmadi, gapirishga toʻgʻri kelyapti.

Xonandamiz roʻza holiga kuni boʻyi sardobaliklarga xayriya yiqqan. Uni egalariga yetkazish borasida ortiqcha jonbozlik qilib, militsiyadan ranjigan va nimalardir deb yuborgan. Deputatimiz Obidjon Latipov aytganidek, xonandaning chiqishidan muayyan bir jismoniy shaxs (!) na maʼnaviy, na moddiy zarar koʻrmagan. Yaʼni, xonandaga nisbatan konkret daʼvogar yoʻq: u hech kimning ismi-sharifi, nomini tilgani olgani yoʻq. Xonanda bu borada dili ogʻrigan tizim mutasaddilaridan kechirim soʻrashga ham ulgurdi. Menimcha, yuzaga kelgan huquqiy mojaroning hal qiluvchi nuqtasi ham mana shu yerda.

Eslaylik, prezidentimiz 2-3 yil avval oʻz chiqishlarida hali sud hukmi bilan aybi isbotlanmagan moliyachilar, prokuratura va soliq idoralarining ayrimlarini “kalamush”lar degandi. Tanqiddan soʻng sudlar boʻldi, “kalamush”lar uzoq yillik qamoq jazolariga tortildi, prezidentning “haqorat”i qonunlashtirildi.

Hozirgi holat ham xuddi shunday. Qonunda ikki xil standart boʻlishi mumkin emas: tizim, uning murvatlari haqida gapirish soʻz erkinligi, jamiyat rivojining muhim omillaridan biri. Qolaversa, xonanda qaysi vaziyatda gapirgani ham muhim. Ammo tizim vakillarining koronavirus karantinidagi xizmatlaridan toʻlqinlanib, jamoat vakiliga ommaviy bosimlar uyushtirishi, sudgacha sudrashi xavfli tendensiyadir. U mamlakatimizda endi-endi tetapoya qilayotgan soʻz erkinligiga qaqshatkich zarba hisoblanadi.

Mazkur yozuvga ilova qilayotgan suratga eʼtibor bering. Ichki ishlar vazirligi mulozimi xonandaning “ruhiy sogʻlomligiga shubhasi” katta tirajda mamlakat boʻylab tarqalmoqda. Endi oʻylab koʻraylik, nega xonandaning ogʻziga kuchi yetmasligi sudgacha boradi-yu, tizim vakillarining talaffuzi soʻz erkinligi, deb baholanadi?

Gap mana shu yerda. Agar tizimga nisbatan tanqidlar oʻz vaqtida toʻgʻri qabul qilinganida, militsiyaga nisbatan ijtimoiy fikrdan xulosa chiqarilganida yozuvlarimning 2, 3, 4-abzaslarini hozir oʻqimagan boʻlardingiz…

Abduraxmon Tashanov

Facebook Comments