Rossiyaning Moskva viloyati Ramensk tumanidagi migrantlar yotoqxonasida elektr simlarining nosozligi sabab yong‘in kelib chiqdi. Buning oqibatida olti nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Qolganlar fojia joyini tark etishga ulgurgan.

Maʼlum bo‘lishicha, Durnixa qishlog‘idagi yong‘in kelib chiqqan mazkur ikki qavatli kottej oldin mahalliy aholi vakiliga tegishli bo‘lgan. Biroq bir necha yil oldin uni tadbirkor sotib olib, mehnat migrantlari uchun yotoqxonaga o‘zgartirgan. Qolaversa, muhojirlar uchun hududga yana bir nechta vagon ham o‘rnatilgan.

Qayd etilishicha, yotoqxonaga ellik nafargacha odam sig‘ishi mumkin bo‘lgan. Izolyatsiya sabab oxirgi paytlarda migrantlar deyarli mazkur hududdan tashqariga chiqishmagan.

Yong‘in haqidagi xabar favqulodda xizmatlarga soat 4:21la kelib tushgan. Avvaliga voqea joyiga favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari, so‘ngra shifokorlar yetib kelishgan. Bu paytga kelib binoning ikkinchi qavati butunlay yonib ketgandi. Uch nafar erkak va uch nafar ayol hayotdan ko‘z yumdi. Ular birinchi qavatga qulab tushgan. Halok bo‘lganlar O‘zbekiston fuqarolari ekanligi aniqlandi. Ularning yoshlari taxminan 30 yosh atrofida bo‘lgan.

Ayni paytda tergovchilar migrantlarning Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turishi qonuniyligini tekshirishyapti. Kottej egasi ham so‘roq qilinmoqda.

Uy elektr isitgich yordamida isitilgan, shuning uchun elektr simlaridagi qisqa tutashuv ushbu hodisani keltirib chiqargan asosiy sabab sifatida ko‘rilyapti. Marhumlarning shaxsi aniqlanmoqda.
Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskva oblasti bo‘yicha bosh boshqarmasi rahbarining katta yordamchisi Olga Vradiy hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini maʼlum qildi.