Koronavirusga qarshi kurashish Qozog‘istonga qariyb 13 milliard dollarga tushgan. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Rossiyaning TASS axborot agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Uning aytishicha, bu borada olib borilgan chora-tadbirlarga davlat qariyb 6 trln. tenge sarflagan. Bu 13 mlrd. dollar yoki yalpi ichki mahsulotning 8 foizidir.

Toqayev davlat tanqidlarga qaramasdan fuqarolari hayoti va farovonligi uchun kurashishi shartligini aytib o‘tdi.

“Pullarni go‘yoki sochib yuborayotganmiz haqida tanqidlar, jumladan, fuqarolar orasida ham bildirilyapti. Bunday pullarni ko‘pincha vertolyotga ortilgan pullar deb atashadi. Lekin biz eng avvalo barcha fuqarolarimiz hayoti va farovonligi uchun kurashishimiz kerak. Chunki xalqmiz iqtisodiyot bo‘lmaydi“, — degan u.

Mart oyi oxirida Qozog‘istonda koronavirusga qarshi kurashish uchun Milliy jamg‘armadan 1,8 trln. tenge ajratilishi maʼlum qilingan edi.

28 aprel kuni esa Ijtimoiy tibbiy sug‘rta fondi boshqaruvi raisi Aybatir Jumagulov Covid-19ni bartaraf etish tadbirlariga respublika byudjetidan 55,9 mlrd. tenge ajratilishini bildirdi.

Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 4160 nafar bo‘lsa, 1207 kishi sog‘aygan, 29 bemor vafot etgan.

Facebook Comments