Buxoro viloyatida 5 nafar, Samarqand viloyatida esa 3 nafar, jami 8 nafar koronavirusga chalingan bemorlar toʻliq sogʻaydi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Buxoroda shifo topganlarning 4 nafari ushbu viloyatdan boʻlib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. 1 nafari esa Toshkent shahridan boʻlib, Rossiyadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ularning 2 nafari erkak, 3 nafari ayol boʻlib, eng yoshi kattasi 50 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 14 yosh.

Sogʻayganlar viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Ushbu viloyatda shu paytga qadar 367 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 372 nafarga yetdi.

Samarqandda tuzalganlarning 3 nafari (7 yoshli, 31 yoshli hamda 78 yoshli) ham erkak boʻlib, ushbu viloyatning Toyloq tumanidan. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.

Sogʻayganlar ayni paytda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilmoqdi. Viloyatda hozirga qadar 34 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 37 nafarga yetdi.

Hozirda mamlakatimiz boʻylab koronavirus infeksiyasidan sogʻaygan bemorlar 1547 nafarni tashkil etmoqda.

Facebook Comments