Germaniyaning Robert Kox instituti rahbari Lotar Viler dunyoda koronavirusning ikkinchi va uchinchi toʻlqinlari boshlanishi haqida bashorat qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, infeksiya sayyoramiz aholisining 60-70 foizi ushbu kasallik bilan ogʻrib tuzalib chiqmagunicha tarqalaveradi.

Viler GFR sogʻliqni saqlash tizimi virusning yangi yoyilishiga qarshi yaxshi tayyorgarlik koʻrganini taʼkidladi. U mamlakat hukumati koronavirusga testlar oʻtkazish sonini koʻpaytirishni rejalashtirayotganini ham maʼlum qilgan.

Aprel oyida Rossiya fanlar akademiyasi akademigi Sergey Nedospasov agar SARS-CoV-2ga qarshi vaksina yaratilmasa, koronavirus epidemiyasining ikkinchi toʻlqini boʻlishi mumkinligi, lekin u birinchisiga nisbatan kuchsiz kechishini aytib oʻtgandi. Uning soʻzlariga koʻra, ikkinchi toʻlqinning kirib kelishi bilan bogʻliq aniq muddatni oldindan taxmin qilish qiyin. Chunki tojdor virusning oʻziga xosligi, dunyo davlatlaridagi hayot tarzlari va sogʻliqni saqlash tizimi turlichaligi bu borada xulosa qilishni murakkablashtiradi.

Yer aholisining koʻpchilik qismida immunitet shakllansa, infeksiya ustidan gʻalaba qozonilgan boʻladi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyoda koronavirusni yuqtirganlar soni 3,6 milliondan oshib ketdi. 254 mingdan ziyod inson vafot etgan boʻlsa, 1,18 milliondan ortigʻi tuzalgan.

Facebook Comments