AQSHning kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi(CDC/CAR) koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga  2 milliondan ortiq mablag‘ ajratmoqda. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi maʼlum qildi.

Ushbu mablag‘lar Covid-19 test jarayonlari uchun laboratoriya jihozlari hamda asbob-uskunalarini xarid qilish uchun sarflanadi. Bu test natijalarini olishni tezlashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, mazkur mablag‘lar O‘zbekistonda jamoatchilik sog‘ligi sohasidagi favqulodda vaziyatlar paytida tezlashtirilgan chora-tadbirlar Markazi(EOC)ni yaratish uchun yangi uskunalar sotib olish hamda o‘rgatish ishlariga yo‘naltiriladi. Bu AQSHning Atlanta shahridagi EOC CDC tuzilmasi kabi bo‘ladi. CDC, shuningdek, kirish punktlarida tekshirish-skrining jarayonlariga ham texnik ko‘mak beradi. Bu esa virus tashuvchilarni chegara punktlaridayoq aniqlash bo‘yicha mamlakat salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Biz Markaziy Osiyodagi epidemiologik vaziyatini yanvar oyidan beri diqqat bilan kuzatib kelyapmiz va mintaqadagi barcha hukumatlarga texnik yordam taklif qildik, — dedi CDC Central Asia direktori Daniel Singer Olmota shahridagi telefon orqali press-brifingdagi chiqishida. — Bu mablag‘lar mamlakatlar tomonidan virus tarqalishini sekinlashtirish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlarni kuchaytirish imkonini beradi”.

CDC Central Asia virus tarqalishi boshlangan zahotiyoq Markaziy Osiyo mamlakatlari sog‘liqni saqlash vazirliklarini qo‘llab-quvvatlab kelyapti. Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha treninglar tashkil etish va texnik ko‘mak ko‘rsatish, laboratoriya tadqiqotlari, infeksiya profilaktikasi va nazorati, kirish punktlarida skrining qilish, xatarlar haqida xabardor etish, kasallikni monitoringdan o‘tkazish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir.

Markaz tomonidan sog‘liqni saqlash bo‘yicha yetakchi xalqaro tashkilotlar tomonidan nashr etilgan texnik yo‘riqnomalar hamda hujjatlardan keng foydalanish hamda tarqatish maqsadida rus tiliga tarjima qilib berishdi.

Facebook Comments