Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan yana bir yolgʻon xabar tarqab qoldi.

Emishki, bir yil keladiki, unda musulmonlarga zarar boʻladi, bu oyda Ramazonning birinchi kuni juma kuniga toʻgʻri keladi, roʻzaning oʻn beshinchi kunida osmondan qattiq ovoz keladi, ovozni eshitganlar darhol eshik-derazalarni mahkam yopib, sajdaga yiqilinglar va sajdada “Subhanal Quddus, Robbuna Quddus”, deb aytinglar, shunda najot topasizlar. Yana ikkita ovoz keladi. Ularning birinchisi Jabroil alayhissalomning ovozi va ikkinchisi shaytonlarning ovozi. Ushbu paytda uydan chiqmay oʻtiringlar va hokazolar….

Bundan ilgari esa Ramazonning kelishi haqidagi xushxabarni odamlarga yetkazgan kishiga doʻzax harom qilinadi, degan xabar tarqagan edi.

Bu kabi xabarlarni eshitib, ularning tezlik bilan tarqalayotgani, kishilarning bu kabi yolgʻon xabarlarga ishonishlarini koʻrib achinasan kishi. Aslida, bularning barchasi ilmsizlik va ahmoqlikdan boshqa narsa emas. Chunki ilmdan, hadisi shariflardan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadis aytishdagi uslublaridan ozgina xabari bor kishi bu kabi hadislarning gʻirt toʻqima, mantiqqa toʻgʻri kelmaydigan gap-soʻzlardan iborat ekanligini yaxshi biladi.

Azizlar! Koʻzingizni oching. Asossiz va toʻqima gaplarga ishonmang. Boshqalarga tarqatmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nomlaridan toʻqilgan soxta hadislarning avj olishiga sherik boʻlmang. Islom dushmanlari tarafidan oʻylab topilgan bu kabi xabarlarni ovoza qilish bilan ularning gunohiga sherik boʻlmang.

Bir xabarga ishonishdan oldin, uni oʻzgalarga yuborishdan ilgari shu sohaning mutaxassislaridan maslahat oling. Chunki bu Alloh taoloning qatʼiy buyrugʻidir. “Agar bilmasangiz, zikr ahllaridan soʻrang” (Anbiyo surasi, 7-oyat). “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, uni aniqlab koʻringlar…“ (Xujurot surasi, 6-oyat).

Qolaversa, Islom dinida yolgʻon soʻzlash gunohi ogʻir boʻlgan amallardan hisoblanadi. Agar bu yolgʻon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan toʻqilgan boʻlsa, azobi yana-da ogʻir boʻladi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Mening sizlarga koʻp hadis aytishimni man qiladigan narsa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Kim menga qasddan yolgʻon toʻqisa, doʻzaxdagi oʻrindigʻini olaversin”, deganlaridir”, dedi”. (Toʻrtovlari rivoyat qilganlar).

Imom Muslimning rivoyatida: “Albatta, menga yolgʻon toʻqish boshqa birovga yolgʻon toʻqishdek emas. Kim menga qasddan yolgʻon toʻqisa, doʻzaxdagi oʻrindigʻini olaversin”, deyilgan.

Boshimizga tushgan bu musibatdan, atrofda boʻlayotgan voqea-hodisalardan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanib, musulmonlar qalbiga qoʻrquv, sarosima va vahima solayotgan nobakorlarning nayrangiga uchib qolmang.

Undan koʻra Qurʼoni karimda kelgan duolarni, sahih hadislarda kelgan koʻrsatmalar, duo va istigʻforlarni koʻpaytirishlik bilan Robbimizdan najot va yengillik soʻraylik. Zero, unutmaylikki, Ramazon oyi kirishi bilan Allohning rahmat, magʻfirat eshiklari ochiladi. Shunday ulugʻ kunlarda dinimiz aqidasiga zid narsalarni tarqatish gunohi kabiradir. Alloh barchamizni ikki dunyo saodatiga erishtirsin.

Facebook Comments