9-may kuni  AQShning Florida shtatidagi Jeksonvildagi VyStar Veterans Memorial Arena majmuasida boʼlib oʼtadigan UFC-249 musobaqasi translyatsiyasi huquqini UzReport TV qoʼlga kiritdi. Bu haqda telekanal rasmiy sayti maʼlum qildi.

“10-may kuni aralash jang san'ati muxlislari sabrsizlik bilan kutayotgan, ko'p sonli jangchilar ishtirokidagi UFC 249 musobaqasi bo'lib o'tadi.

Tomoshabinlarning katta qiziqishi va murojaatini inobatga olgan holda, UZREPORT TV ushbu musobaqani O'zbekistonda translyatsiya qilish huquqini xarid qildi. Mazkur musobaqa translyatsiyasi UFC TV va Metrotelecom bilan birgalikda amalga oshiriladi”, deyilgan xabarda.

Mintaqalar o‘rtasidagi vaqt tafovuti tufayli O'zbekistonda translyatsiya 10-may kuni ertalab soat 05.00da  boshlanadi.

Kun tartibidan 12 ta jang o‘rin olgan. Shulardan ikkitasi – Toni Ferguson va Jastin Getji, shuningdek Genri Sehudo va Dominik Kruz o‘rtasidagi janglar titul janglari hisoblanadi.