Sardoba tumanidagi favqulodda hodisa oqibatida bir nechta obyektlar buzilib ketdi, deya xabar bermoqda FVV matbuot xizmati.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, zarar yetgan infratuzilma obyektlariga 8 ta bolalar bogʻchasi, 16 ta maktab, 7 ta tibbiyot muassasasi, 1 ta kollej, 7 ta qabriston, 3 ta masjid, 13 ta respublika ahamiyatidagi koʻprik, 52 km uzunlikdagi yoʻl, 1 ta dehqon bozorini kiritish mumkin. Shuningdek, 99 ta koʻp qavatli turar-joy binosiga qisman zarar yetgan.

Maʼlumot uchun, Sirdaryo viloyatining suv toshqini boʻlgan hududlariga joylardan insonparvarlik yordamlari kelishi davom etmoqda. Bugunga qadar Sirdaryo viloyatiga 180 tonna un, 48 tonna makaron mahsulotlari, 63 tonna oʻsimlik moyi, 47 tonna guruch, 37 tonna goʻsht, 58 tonna shakar, 228 tonna kartoshka, 176 tonna piyoz va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.

Ayni vaqtda “Sardoba” suv omborining yorilishi natijasida toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Eslatib oʻtamiz, favqulodda vaziyatlar sodir boʻlgan hududda Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya va boshqa davlat xizmatlarining 2 mingga yaqin maxsus texnikasi ishlamoqda. Shuningdek, ushbu hududda Yongʻin oʻchirish mashinalari va motopompa yordamida toshqin suvi uylardan, infratuzilma obyektlaridan chiqarilib, sugʻorish va drenaj tizimlari tozalanmoqda.

Bunga qoʻshimcha ravishda elektr tarmoqlari, gaz, suv quvurlari va boshqa turdagi kommunal tarmoqlarini tiklash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Hozirda toshqindan zararlangan 58 ta bazaviy mobilʼ stansiyalaridan 48 tasi allaqachon taʼmirlandi. Shu bilan birga, ishdan chiqqan boshqa infratuzilma obyektlariga yetkazilgan zarar miqdorini baholash ishlari olib borilmoqda.

Facebook Comments