Futbol bo‘yicha Italiya terma jamoasining sobiq himoyachisi Marko Materassi 2006 yilgi jahon chempionati finalida Fransiyaga qarshi kechgan o‘yinda afsonaviy Zinedine Zidandan “kalla zarbi”ni qabul qilib olgan edi. Ushbu voqea ikki futbolchi o‘rtasida kechgan dahanaki jangdan so‘ng ro‘y bergandi.

O‘sha paytda bu kutilmagan voqea butun dunyoni hayratga solib, uning taʼsiri uzoq yillar davomida saqlanib yurdi. Hatto mashhur qiziqchimiz, rahmatli Hojiboy Tojiboyev ham ushbu “duel” haqida hangoma aytgani hamon esimizda.

Materassi Zidan nega shunday qilishga majbur bo‘lgani sirini va nihoyat, oshkor qildi. U bu haqda o‘zining Instagram sahifasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efiri orqali maʼlum qildi.

“Biz jarima maydonida bir necha bor to‘qnash keldik. U birinchi taymda gol urdi va shundan so‘ng murabbiy uni ko‘zdan qochirmay, qo‘riqlab yurishimni aytdi. Birinchi to‘qnashuvdan so‘ng men undan kechirim so‘radim, ammo u yomon javob qaytardi. Uchinchi to‘qnashuvimizdan so‘ng, meni jahlim chiqib ketdi, u esa o‘yindan keyin menga o‘z futbolkasini berishini aytdi. Men esa uning futbolkasidan ko‘ra, singlisini maʼqul ko‘rishimni bildirib, javob qaytardim”.

Facebook Comments