Toʻraqoʻrgʻonning Qoʻshqayragʻoch mahallasida istiqomat qiluvchi Gulnora Xudoyberdiyeva kumush tola yetishtirishda oʻzining “yangi texnologiya”sini muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazgan. Yaxshigina tajriba orttirgan pillakor kutganidan ham ziyoda natijaga erishdi.

Oʻn besh yildan beri qurt boqib yaxshi tajriba orttirgan Gulnora opa mashgʻulotning nozik, ogʻir va yengil jihatlarini onasidan koʻrib bilgan. Bu oʻrganishlar uning mehnati jarayonida yaxshigina qoʻl kelmoqda.

Oʻtgan yili 38 gramm urugʻ oldim, — deydi kumush tola ijodkori G.Xudoyberdiyeva. – Qurtlarni parvarish etishga hovlimda xonalar yetishmaganidan, oʻylab bunga ham yechim topdim. Uyim tomida boqish rejasini tuzib, u yerni toza, saramjon holga keltirib joy tayyorladim. Qutlarni bir qismini olib chiqib hozirlangan qulaygina soʻrilarga joyladim. Tomda havoning aylanib turishi, moʻtadilligi hamda shifer issiqning meʼyorida ushlab turishi xirmonning barakasini oshirdi.

Oʻtgan yilgi mavsumda 2 korobka urugʻlikdan qariyb 120 kg. hosilni koʻtarguncha oʻzi ham tomda yashaganini kulib, taʼkidlaydi qahramon opamiz. Natija kutilganidan ortigʻi bilan bajarilgani pillakor mehnatining shirin mahsuli.

Joriy yilgi pilla boqish pallasida ham opaning gʻayrati baland. U 1 korobka urugʻlik qurtini olib parvarishlashga astoydil kirishgan. Hozirda pilla qurtlarni opa innovatsion gʻoyasi asosida yetishtirmoqda. U mavsum nihoyasida 60 kilogrammdan ortiq xirmon olishni reja qilgan.

Mehnatkash, soddadil qishloq ayoli ipak qurti mehnatidan ortib, 12 sotixli hovlini obod etishga ulguradi. Joʻyaklarga kartoshkadan tortib, koʻkatlar, rezavorlarni ekkan.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV

Facebook Comments