Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Qirgʻiz Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumatlarining koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakatda ushbu xavfli kasallik tarqalishining, avvalo, savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy oqibatlarini kamaytirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar qoʻllab-quvvatlandi.

Turkiy tilliy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida qabul qilingan qarorlarga muvofiq sogʻliqni saqlash va transport vazirliklari rahbarlarining tashkil etilgan koʻp tomonlama maslahatlashuvlari natijalari yuksak baholandi.

Prezidentlar Oʻzbekistonda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq masalalarni ham koʻrib chiqdilar. Muloqot yakunida oʻzaro tovar ayirboshlashning yuqori surʼatini saqlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kengaytirish, ustuvor investitsiya va infratuzilma, shu jumladan mintaqaviy ahamiyatdagi loyihalarni ilgari surishga qaratilgan birgalikdagi ishlarni faol davom ettirishga kelishib olindi. Suhbat chogʻida qator xalqaro masalalarga ham toʻxtalib oʻtilgan.

Facebook Comments