“Sardoba” suv omborida Milliy gvardiya xodimi halok boʻldi, yana biri qidirilmoqda, deya xabar bermoqda Milliy gvardiya matbuot xizmati.

“Shuni qaygʻu bilan xabar qilamizki, joriy yilning 1-may kuni erta tongda Sirdaryoviloyati hududida joylashgan “Sardoba” suv omborida yuz bergan favqulodda holatning ilk soatlarida, tezkor guruh tarkibida evakuatsiya qutqaruv ishlarida ishtirok etgan Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimi kuchli oqim sabab oqib ketgan. Natijada, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi serjant Suyarov Xusniddin Zokirovich tabiiy ofatga qarshi kurashish jarayonida halok boʻlgan”, deyiladi xabarda.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonligi va shaxsiy tarkibi nomidan mardlik namunasini koʻrsatib,oʻz xizmat burchiga soʻnggi nafasigacha sodiq qolgan serjant Suyarovning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan. Ayni vaqtda ikkinchi xodimni qidirish ishlari davom etmoqda.

Facebook Comments