Oʻzbek tarixiy romanchiligining asoschisi, realistik hikoyalarning mohir ustasi Abdulla Qodiriy 1894-yilning 10-aprelida Toshkentda bogʻbon oilasida tugʻilgan. Adabiyotimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk adibimizning tavalludiga ham mana bu yil 126-yil boʻlibdi.

A.Qodiriy ijodi nafaqat oʻzbek adabiyotida, balki butun sharq adabiyotida tarixida ham alohida oʻrin tutadi.XX asr oʻzbek adabiyotini Qodiriy asarlarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kabi romanlari adabiyotning asl asarlari sifatida millionlab oʻquvchilar qalbidan chuqur joy olgan. Chunki bu asarlarda bizning shonli tariximiz,milliy urf-odatlarimiz va unutilmas qadriyatlarimiz aks etgan. Shu sababli bu asarlar asosida badiiy filmlar,spektakllar yaratilgan.

A.Qodiriy romanlari,qissalari va hikoyalaridagi voqealar real hayotdan olib yozilganligi, undagi qahramonlar esa xuddi jonli odamlar kabi koʻrsatilganligi, ularning kechinmalari goʻyoki bizning tuygʻularimiz sifatida tasvirlanganligi bilan ham qiziqarlidir.

Va barcha davr kitobxonlari uchun sevimlidir. Kitobxonlar yozuvchi yaratgan qahramonlardan taʼsirlanganligi bois farzandlariga Anvar, Raʼno,Otabek, Kumush kabi ismlarni qoʻyganligi ham adib asarlarining xalq orasida sevib oʻqilganligidan darak beradi.

Abdulla qodiriy har bir asarini hayotni chuqur oʻrgangan holda yozgan. Hattoki asar yozishga bir necha vaqt tayyorgarlik koʻrib, koʻplab daliliy maʼlumotlarni toʻplaganidan keyingina yozishga kirishgan. Bu haqda yozuvchining oʻzi: “Har bir asarimning yozilishiga turmushda uchragan biror bir voqea sababchi boʻladi”,-deydi.Haqiqatan ham, xalq ichidan olingan va xalqning dardi, quvonch-u hasratlari qalamga olingan chinakam asargina xalqnikidir. Yozuvchi ijodining qiziqish bilan oʻrganilishining sababi shundaki, millionlab kitobxonlar qalbidan chuqur joy olishi barobarida , badiiy jihatdan ham salmoqdor, oʻziga xos tarzda yozilgan.

Yozuvchiga katta shuhrat olib kelgan asarlaridan biri bu siz-u bizga yaqin boʻlib qolgan “ Oʻtgan kunlar” romanidir. Bu asardagi har bir voqea va har bir qahramon deyarli barcha oʻzbek kitobxonlariga yod boʻlib ulgurgan. Chunki oʻzini oʻzbekman degan har bir inson bu asarni kamida besh marta oʻqib chiqishi kerak ekan. Sababi shuki, “Oʻtgan kunlar”da berilgan oʻzbekona urf-odat va milliy qadriyatlarimiz boshqa hech qaysi asarda bunchalik taʼsirchan va hayajonli tasvirlanmagan.

Shuning uchun ham asarning tarbiyaviy ahamiyati juda katta. Asar asosi Otabek va Kumush muhabbatiga qurilgan boʻlsa ham, unda ota va ogʻil, qaynona va kelin, kelin va qaynota oʻrtasidagi munosabatlardan yetarlicha oʻrnak olishimiz mumkin. Yigitlarimiz Otabekdan mardlikni, jasurlikni,shijoatni, toʻgʻrisoʻzlikni va eng asosiysi ilm-maʼrifatni oʻrgansa, qizlarimiz esa Raʼnodan ota-onaga hurmatni, umr yoʻldoshiga sadoqatni, sabr-toqatni va vafodorlikni oʻrganadilar.

Yurtimizda boʻlayotgan hozirgi holatni hisobga olib, vaqtimizni bekor oʻtkazmasdan, uyda ekanligimizdan foydalanib Qodiriy asarlarni yana bir bor oʻqib oʻrgansak, foydadan holi boʻlmaydi. Zero, oramizda yangi Otabek va Kumushlar, Anvar va Raʼnolar paydo boʻlsa va eng asosiysi oʻsib kelayotgan yosh avlodlarimiz orasidan yangi Qodiriylar yetishib chiqsa.

Pitnak shahridagi 8-son maktabning ona tili va adabiyoti fani o’qituvchisi Sevara Matniyozova
Pitnak shahridagi 8-son maktabning ona tili va adabiyoti fani o’qituvchisi Sevara Matniyozova
Facebook Comments