SAXOVATLI XALQIMIZDAN MINNATDORMIZ

Tarix guvohki, insoniyat hayoti faqat yaxshi kunlardangina iborat emas. Binobarin, mamlakatimiz va xalqimiz ham oʻz boshidan suronli va tahlikali kunlarni koʻp oʻtkazgan. Millatimizning biz faxrlanib yuradigan buyukligi ham shundaki, u doimo sinovli kunlardan yorugʻ yuz bilan oʻtgan. Ana shunday damlardagi toblanish xalqimizga yengilmas matonat, sabr va mislsiz kuch-qudrat ato etgan.

Hech shubhasiz, shu kunlarda elimiz boshiga tushgan sinovli kunlar, xususan turli ofatlar asoratlarini ham davlat va xalq hamjihatlikda sharaf bilan yengib oʻtadi.

Nafaqat oʻzbekistonliklar, balki dunyo ahli ham samimiy eʼtirof etayotganidek, Sardobadagi favqulodda hodisa jarayonida muhtaram Prezidentimiz davlatning oʻz xalqiga gʻamxoʻrligining tarixda kamdan-kam uchraydigan yorqin namunasini koʻrsatdilar.

Darhaqiqat, davlat rahbarining oʻzi hodisa roʻy bergan soatlardayoq bevosita joyiga chiqib, avvalo, odamlarning sogʻligʻi, hayoti va taqdiri haqida qaygʻurishi, bu borada oqilona qarorlarni qabul qilishi noyob voqelikdir.

Prezidentimizning 2020-yil 1-may, yaʼni, Sardobadagi suv omboridan suv toshgan paytlardayoq ushbu hududga yetib borganlari, shu kunning oʻzida favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni belgilab berganlari, to vaziyat nazoratga toʻliq olingunga qadar hududni tark etmaganlari, jabrlanganlar holidan ular joylashgan manzillarda xabar olganlari buning yorqin dalilidir.

Bu kabi yana koʻplab amaliy saʼy-harakatlari bilan Prezidentimiz nafaqat davlat rahbariga xos betakror xislatlar, balki insoniylikning oliy namunasini ham koʻrsatib berdilar.

Oʻz rahnamosining fidokorligi, el-yurtga gʻamxoʻrligi va saxovatidan ruhlangan vatandoshlarimiz ofat oldida Sirdaryo ahli bilan birdamligini namoyon etmoqda.

Deyarli har soatda mamlakatimizning u yoki bu hududidan begʻaraz yordam yuklari Sirdaryo sari yoʻl olmoqda.

Hatto ayrim hududlarda toʻplangan saxovat yuklari oldindan tayyorlab qoʻyilgan avtomobillarga sigʻmayapti va qoʻshimcha avtokarvonlar jalb etilmoqda.

Biz bevosita guvohi boʻlgan bu jarayonlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ham koʻplab maʼlumotlar tarqatilmoqda.

Darhaqiqat, biz Sardobada yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi aʼzosi sifatida xalqimizga xos boʻlgan bunday hamjihatlik, oʻzgalar haqida qaygʻurish, birovning musibatini oʻziniki kabi qabul qilish va borini saxovat qilish kabi ezgu xislatlar namoyishining bevosita guvohi boʻlmoqdamiz.

Sirdaryoliklarning dardiga malham boʻlayotgan barcha saxovatpesha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

Bunday xayrli ishlarga fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari, barcha davlat tuzilmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar birdek bel bogʻlab, hissa qoʻshayotgani esa, jamiyatdagi mustahkam birdamlikning amaliy ifodasidir.

Shuni maʼlum qilamizki, ular joʻnatayotgan oziq-ovqat va boshqa zaruriy mahsulotlar oʻz vaqtida, qatʼiy nazorat ostida ehtiyojmandlarga yetkazib berilmoqda.

Xususan, 4-may holatiga kelib tushgan 162 tonna un, 63 ming litr oʻsimlik yogʻi, 108 ming dona tuxum, 58 tonna shakar, 212 tonna guruch, 43 tonnadan ziyod goʻsht va goʻsht mahsulotlari, 40 bosh qoramol va 100 bosh qoʻy, qariyb 330 tonna sabzavot, shuningdek 32,5 tonnadan ziyod boshqa mahsulotlar, kiyim-bosh, koʻrpa-toʻshak, gigiyena vositalari va har xil uy-roʻzgʻor buyumlari manzilli tarzda aholiga tarqatilmoqda.

Insonparvarlik yordami doirasida zarur oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar kelishi davom etmoqda.

Shuni alohida qayd etish joizki, ofatdan jabr koʻrganlar qayerda vaqtinchalik joylashganidan qatʼiy nazar – xonadonlar boʻladimi, maktab va kollejlar binolari kabi ijtimoiy obyektlar boʻladimi, ularning biron-bir narsaga muhtojlik sezishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Har bir insonning davlat va jamiyat koʻrsatayotgan eʼtibordan mutlaqo chetda qolmasligini taʼminlash choralari koʻriladi.

Ayni paytda Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar ijrosini soʻzsiz va samarali taʼminlash maqsadida Bosh prokuraturada maxsus shtab, favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruhlar ish boshladi.

Shtabning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

– Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda koʻmaklashish;

– evakuatsiya qilingan aholini zarur oziq – ovqat mahsulotlari, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, yotoq anjomlari, shuningdek, kuniga uch mahal issiq ovqat bilan uzluksiztaʼminlashni tashkil etish;

– favqulodda hodisa roʻy bergan hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi hamda tegishli mol-mulklar muhofaza qilinishini nazoratga olish;

– jabrlangan fuqarolarning murojaatlari tezkorlik bilan koʻrib chiqilishi hamda ularda koʻtarilgan masalalarning hal etilishini taʼminlash;

– aholi orasida yolgʻon, notoʻgʻri maʼlumot va xabarlar hamda sarosima tarqalishining oldini olish.

Ishchi guruhlar esa tegishincha ijtimoiy-iqtisodiy hamda qishloq xoʻjaligida vujudga kelgan muammolarni bartaraf etishga koʻmaklashadi.

Bir soʻz bilan aytganda, prokuratura organlari ofatdan zarar koʻrganlarning har qanday muammosini tezkorlik bilan hal etish, ularga zarur oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarning oʻz vaqtida, toʻliq yetkazilishini qatʼiy nazoratga olgan.

Nigʻmatilla Yoʻldoshev,

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori,

Hukumat komissiyasi aʼzosi

Facebook Comments