Namangan viloyatida 17 nafar, Samarqand viloyatida 2 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sogʻaydi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda. Ular viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Namanganda sogʻayganlarning barchasi ushbu viloyatdan (9 nafari Namangan shahridan, 3 nafari Uchqoʻrgʻon tumanidan, 2 nafari Norin tumanidan, 1 nafardan Chust, Namangan va Uychi tumanlaridan) boʻlib, ular koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan.

Bemorlarning 6 nafari erkak, 11 nafari ayol boʻlib, ular orasida eng yoshi kattasi 48 yoshda boʻlsa, ikki nafar eng yoshi kichigi 2019-yilda tugʻilgan. Samarali davolash muolajalari tufayli bugungi kunda laboratoriya tekshiruvlari ularning darddan butunlay forigʻ boʻlganini koʻrsatdi.

Viloyatda shu paytga qadar 89 nafar bemor tuzalgan boʻlsa, endilikda ular 106 nafarni tashkil etmoqda.

Samarqandda tuzalganlardan 1 nafari (ayol) 37 yoshda boʻlib, Samarqand shahridan. Yana 1 nafari (erkak) ham 37 yoshda boʻlib, Toyloq tumanidan. Ular koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Viloyatda shu vaqtgacha 22 nafar bemor tuzalgan boʻlsa, endilikda ularning soni 24 nafarga yetdi.

Hozirda mamlakatimiz boʻylab koronavirus infeksiyasidan sogʻayganlar 1347 nafarni tashkil etmoqda.

Facebook Comments