Xitoyda sayyohlik sohasi muvaffaqiyatli qayta tiklanmoqda. Shu hafta juma kuni holatiga koʻra, mamlakatda bir sutkada ichki turizm xizmatlaridan foydalanganlar soni 23 milliondan oshib ketgan va ular buning uchun 1,3 milliard dollardan ziyod mablagʻ sarflashgan. Mahalliy turistlar uchun XXR hududidagi diqqatga sazovor joylarning qariyb 70 foiziga tashrif buyurish imkoniyati yaratib berilgan.

Masalan, Pekin aholisi bunday qulaylikdan foydalanib, shaharni tark etishga shoshilishayotgani maʼlum boʻldi.

“Avtotransportlar oqimi daqiqasiga 40-50 ta mashinani tashkil etdi, tigʻiz paytda bu koʻrsatkich ikki barobar koʻpaydi“, — dedi yoʻl politsiyasi xodimi.

Xitoyda bayram kunlari 5 mayga qadar davom etadi. Samolyotlarda ham boʻsh oʻrinlar qolmayapti.

Hukumatning qatʼiy talabi bilan, kuchaytirilgan ehtiyot choralariga barcha amal qilmoqda. Bular tibbiyot niqoblarini taqib yurish, jamoatchilik joylarida yurish-turish boʻyicha joriy etilgan alohida qoidalarga taalluqlidir.

Xitoy madaniyat va turizm vazirligi maʼlumotiga koʻra, cheklovlar yumshatilgandan soʻng odamlarning katta miqdorda bir joyga toʻplanishi holati kuzatilmagan. Turistlar uchun ochilgan barcha obyektlar belgilangan tartibga va xavfsizlik meʼyorlariga rioya qilgan holda faoliyat olib bormoqda.

Sayyohlik obyektlariga hozircha kundalik tashrif buyuruvchilarning rasman tasdiqlangan maksimal miqdoridan 30 foizini qabul qilishlariga ruxsat etilgan.

Facebook Comments