Bugun, 3-may kuni Bosh prokuratura Sirdaryodagi vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yil 01-may kuni Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori oʻpirilishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelganligi holati yuzasidan JKning 207-moddasi 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini olib borish DXX organlariga yuklatilgan.

Jinoyat kodeksi

207-modda. Mansabga sovuqqonlik bilan qarash

Mansabga sovuqqonlik bilan qarash, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining oʻz vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda boʻlishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

258-modda. Togʻ-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish

Togʻ-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha qilmish:

a) odam oʻlishiga;

b) boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlsa, —

muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib oʻtamiz, 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgandi. Oqibatda Sardoba tumani Qoʻrgʻontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Suv ombori toʻgʻoni buzilib, suv toshib chiqishiga kuchli yomgʻir va shamol sabab boʻlgan.

Facebook Comments