Sardoba suv omboridagi suv toshqini oqibatida Qozogʻistonning Turkiston viloyati Maxtaral tumani hududida texnogen xususiyatga ega favqulodda holat eʼlon qilindi. Turkiston viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, bunga chegaradagi kollektorlar suvga toʻlgani sabab boʻlgan.

Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan oʻtuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy koʻliga yoʻnaltirilgandi. Turkiston viloyati hokimligi xabarida aytilishicha, oqibatda Maxtaral viloyatining chegara kollektorlari suv bilan toʻlgan.

Suv oqimi sekundiga 180 kubometr boʻlgani tufayli kollektordan suv toshib, Janajol qishloq okrugiga qarashli Jenis va Enbekshi qishloq okrugiga qarashli Janaturmis shaharchasida suv toshqini xavfi paydo boʻlgan.

Turkiston viloyati Politsiya departamenti matbuot xizmatining xabariga koʻra, viloyatning 5 mingdan ortiq qishloq aholisi suv toshqini xavfi tufayli uylarini tark etdi. Ayrimlari oʻzlari tark etgan boʻlgan boʻlsa, qolganlariga evakuatsiya qilishda yordam berilgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari jamoat tartibini va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgandi. Oqibatda Sardoba tumani Qoʻrgʻontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Suv ombori toʻgʻoni buzilib, suv toshib chiqishiga kuchli yomgʻir va shamol sabab boʻlgan.

Facebook Comments