Oʻzbekiston Respublikasi “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi qonuni ijrosini amalga oshirish, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarga samarali taʼlim-tarbiya berish hamda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Davlat standartining maqsadi – maktabgacha taʼlim tizimini mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalari va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan holda tashkil etish, bolalarni sogʻlom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, taʼlim-tarbiya jarayoniga samarali taʼlim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etish hamda maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalashdan iborat.
Davlat standartining vazifalari quyidagilardan iborat:
- Maktabgacha taʼlimning mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan talablarni belgilash;
- milliy, umuminsoniy va maʼnaviy qadriyatlar asosida tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
- oʻquv-tarbiya jarayoniga innovatsion pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
- taʼlim-tarbiya faoliyati sifatini nazorat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
- maktabgacha taʼlim tashkilotlarida toʻlaqonli va xavfsiz ovqatlantirishni tashkil etishga boʻlgan gigiyenik talablarni belgilash;
- maktabgacha taʼlim tashkilotlarini idoraviy qurilish meʼyorlarini tartibga solish;
- maktabgacha taʼlim tashkilotlarini oʻyinlar, oʻyinchoqlar, mebelь, jihozlar va boshqa texnik, reabilitatsion vositalar bilan jihozlash;
- maktabgacha taʼlim tashkilotlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlashga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligini taʼminlash.
Davlat standartini asosiy prinsiplari quyidagilarga asoslanadi:
- tarbiyalanuvchining intilishlari, qobiliyati va qiziqishlari ustuvorligi;
- har bir bolaning, shu jumladan jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolaning maktabgacha taʼlim va tarbiya olishga boʻlgan huquqini amalga oshirish va imkoniyatining tengligi;
- davlat standartining taʼlim sohasidagi davlat va jamiyat talablariga mosligi;
- maktabgacha taʼlimning boshqa taʼlim turlari va bosqichlari bilan uzluksizligi va taʼlim mazmunining uzviyligi;
- maktabgacha taʼlim mazmunining respublikadagi barcha hududlarda birligi va yaxlitligi;
- maktabgacha taʼlimning mazmuni, shakli, vositalari va usullarini tanlashda innovatsiya texnologiyalariga asoslanilganligi;
- xorijiy mamlakatlarning taʼlim sohasida meʼyorlarni belgilash tajribasidan milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda foydalanish.