2-may kuni 59 nafar bemor tuzalib, jami sogʻayganlar soni1271 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan navbatdagi 8 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sogʻayib, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan.

Sogʻayganlarning 5 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Fargʻona viloyatidan hamda 1 nafari Toshkent viloyatidan. Ulardan 7 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.

Bir nafari Turkiyadan charter reyslar orqali kelgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Bemorlarning4 nafari erkak, 4 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 34 yosh boʻlsa, eng yoshi kichigi 3 yoshda.

Toshkent shahrida shu paytga qadar 401 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 409 nafarga yetdi.

Maʼlumot uchun, bugunning oʻzida 59 nafar bemor tuzalib, respublika boʻylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sogʻayganlar soni 1271 nafarni tashkil etmoqda.

Facebook Comments