Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) koronavirusga qarshi kurash doirasida Oʻzbekiston tibbiyot xodimlariga tibbiy himoya anjomlarini taqdim etdi. Bu haqda EFFECT.UZ axborot agentligiga Turkiya elchixonasi matbuot xizmati maslahatchisi Davud Gazi benli maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, Turkiya elchisi Mehmet Sureyya Er va TIKA Toshkent dasturi koordinatori Jamalettin Tuney ishtirok etgan xayriya tadbirida Oʻzbekiston Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasiga, TIKA tomonidan yetkazib berilgan 5 mingta himoya kiyimlari, tibbiy niqoblar, yuz himoya vositalari, qoʻlqoplar va koʻzoynaklardan iborat tibbiy anjomlar taqdim etilgan.

Turkiya elchisi Oʻzbekiston hukumati tomonidan kasallikning tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuqori darajada va oʻz vaqtida amalga oshirilganligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi raisi Ravshan Izamov Oʻzbekistonga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.

“Turkiyaning bu ogʻir kunlarda koʻrsatyotgan yordami bu ikki davlat oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlari eng yuqori darajada ekanidan dalolatdir” degan Ravshan Izamov.

Facebook Comments