Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 1-may kuni voqea joyiga zudlik bilan vertolyotda yetib bordi. Prezident vertolyoti qoʻngan joyning oʻzida mahalliy jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, suhbatlashgan. Muloqotda davlat rahbari 2020-yil ogʻir kelganini taʼkidladi.

 

“Eng katta narsa — oʻzlaringni qoʻlga olishlaring kerak. Bu endi hech kim kutmagan, birov taxmin qilmagan falokat. 2020-yil ogʻir keldi. Pandemiya bir balo boʻldi. Mana shu ogʻirlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Sabr bilan. Hozir xato qilishga haqqimiz yoʻq. Odamlarni vahimaga tushirmasligimiz kerak. Ayniqsa, ayollarni, yoshlarni tinchlantirish zarur. Birorta xonadon, birorta aholi eʼtiborsiz qolmaydi. Sizlar bilan bamaslahat joyini ham, sharoitini ham qilib beramiz. Qurilishlarni boshlaymiz”, degan Prezident.

Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan oʻtuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy koʻliga yoʻnaltirilgan.

Sardobada sodir boʻlgan suv toshqini viloyatning boshqa hududlarida kuzatilmagan. Hukumat komissiyasi tomonidan suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish, evakuatsiya qilingan aholiga zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha qator choralar koʻrilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgandi. Oqibatda Sardoba tumani Qoʻrgʻontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Bunda, asosan, suv ekin maydonlariga zarar yetgan.

Sardoba tumanidagi suv ombori atrofida joylashgan “Qoʻrgʻontepa”, “Doʻstlik”, “Yurtdosh” mahalla fuqarolar yigʻinlaridan jami 11 598 nafar aholi viloyatning Mirzaobod tumaniga evakuatsiya qilindi. Ular Jizzaxdagi maktab va kollejlarga joylashtirilmoqda.

Hodisa joyiga zudlik bilan bosh vazir Abdulla Aripov ham yetib borgan. Suv ombori atrofidagi xavf hududidan 11,5 mingdan ziyod aholi koʻchirilgan, yana uchta mahalla koʻchirilishi koʻzda tutilgan. Jabrlangan va halok boʻlganlar boʻyicha maʼlumot kelib tushmagan.

Facebook Comments