Bugun, 1-may kuni “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqqani haqida xabar berildi. Hududdan 4 mahalla, yaʼni 11600 ga yaqin aholi evakuatsiya qilingan edi.

Mutaxassislarning fikricha ushbu toʻgʻondan suv toshganiga kechasi yogʻgan kuchli yomgʻir va shamol sabab boʻlgan. Bu haqda “Oʻzbekiston-24” efirida taʼkidlandi.

FVV maʼlumotiga koʻra, ayni vaqtda suv ombordan suv chiqishi toʻxtatilgan. Avvalroq Sardoba suv omboridan suv chiqishi kamaygani xabar berilgan edi. Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan oʻtuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy koʻliga yoʻnaltirilgan.

Sardobada sodir boʻlgan suv toshqini viloyatning boshqa hududlarida kuzatilmagan. Hukumat komissiyasi tomonidan suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish, evakuatsiya qilingan aholiga zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha qator choralar koʻrilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgandi. Oqibatda Sardoba tumani Qoʻrgʻontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Bunda, asosan, suv ekin maydonlariga zarar yetgan.

Sardoba tumanidagi suv ombori atrofida joylashgan “Qoʻrgʻontepa”, “Doʻstlik”, “Yurtdosh” mahalla fuqarolar yigʻinlaridan jami 11 598 nafar aholi viloyatning Mirzaobod tumaniga evakuatsiya qilindi. Ular Jizzaxdagi maktab va kollejlarga joylashtirilmoqda.

Hodisa joyiga zudlik bilan bosh vazir Abdulla Aripov yetib borgan. Suv ombori atrofidagi xavf hududidan 11,5 mingdan ziyod aholi koʻchirilgan, yana uchta mahalla koʻchirilishi koʻzda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 1-may kuni voqea joyiga zudlik bilan vertolyotda yetib bordi. Prezident vertolyoti qoʻngan joyning oʻzida mahalliy jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, suhbatlashgan. Jabrlangan va halok boʻlganlar boʻyicha maʼlumot kelib tushmagan.

Facebook Comments