Bugun, 1-may kuni favqulodda xabar berilganidan keyin zudlik bilan Yangiyer shahar hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlaridan iborat shtab Yangiyer shahar YHXX binosi oldida yigʻilib vazifalar taqsimoti amalga oshirishdi.

Ishchi shtab tomonidan Mirzaobod tumanidagi “Beruniy”, “Paxtaobod”, “Baliqchi”, “Haqiqat”, “Bahoriston”, “Yangiovul” va “Doʻngariq” mahallalaridan vaqtinchalik evakuatsiya qilingan 2 ming nafardan ziyod aholini Yangiyer pedagogika hamda tibbiyot kollejlari, Guliston davlat universitetining Yangiyer shahridagi pedagogika fakulteti va Yangiyer Futbol akademiyasi binosiga joylashtirish choralari koʻrildi.

Unga koʻra: Pedagogika kolleji yotoqxonasiga 700 nafar;

Tibbiyot kolleji yotoqxonasiga — 150 nafar;

Guliston davlat universitetining Yangiyer shahridagi pedagogika fakulteti yotoqxonasiga — 600 nafar;

Futbol akademiyasi yotoqxonasiga — 300 nafar fuqarolar joylashtirildi.

Bu jarayonlarga 50 ta mikroavtobus, 10 ta tez tibbiy yordam brigadasi, 50 nafar oʻrta tibbiyot xodimi, 15 nafar shifokor jalb etildi.

Qayd etish joizki, mana shunday sharoitida bir qancha tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar va homiylar tomonidan evakuatsiya qilingan fuqarolarga zaruriy oziq-ovqatlar, ichimlik suvi, niqob, antiseptik vosita, bir martalik qoʻlqoplar va boshqa tibbiyot vositalari yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, Guliston tuman hokimligi tomonidan ham oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat homiylik yerdami keltirildi.

Bunday tezkor va amaliy amaliy saʼy-harakatlar har bir inson, har bir oila, har qanday vaziyatda yolgʻiz qolmasligi, balki davlatimiz diqqat-eʼtiborida ekanini yaqqol ifoda etadi.

Vaziyat toʻliq nazoratga olingan, sarosimaga tushishga asos yoʻq. Tezkor chora-tadbirlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, mahalliy hokimliklar, qurilish-taʼmirlash tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari va boshqa xizmatlar mutaxassislari safarbar etildi. Suv ombori yaqinidagi mahallalar aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Jumladan, tumanlarda tashkil etilgan maxsus shtablar tomonidan maktab, kollej, korxona va xonadonlarga joylashtirildi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibi va maxsus texnikalari aholini evakuatsiya qilish va tegishli xoʻjalik obyektlarini jihozlash uchun safarbar qilindi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy boshqarmalari evakuatsiyaga koʻmaklashish, tartibni saqlash ishlariga jalb etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori toʻgʻoni ochilgan joyga borib, uni koʻzdan kechirdi. Hukumat komissiyasi va mutaxassislar bilan muhokama qilgan holda suv oqimini toʻxtatish uchun zarur kuch va vositalar jalb qilindi. Hozirda toʻgʻondan suv chiqishi toʻxtagan. Toshgan suv oqimi Oqoltin tumanidan oʻtuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy koʻliga yoʻnaltirilgan. Prezident vaziyatni shaxsiy nazoratga olgan. Davlat rahbari ayni vaqtda Sirdaryo viloyatida boʻlib turibdi.

Facebook Comments