Toshkent viloyati Bekobod tumanida 29-apreldan 30-aprelga oʻtar kechasi suv toshqini hodisasi sodir boʻldi. Toshkent viloyati hokimligi ushbu hodisa haqida maʼlumot berdi.

Maʼlum qilinishicha, kecha 29-aprel kuni soat taxminan 22:00 da Bekobod tumani hududida kuchli yomgʻir yogʻishi natijasida tumanning “Navbahor” hududi, 1-boʻlim, “Dehqonobod” mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi “Sardobsoy” (boshlanish qismi qoʻshni Tojikiston Respublikasi hududida) soyining suv oqimi keskin koʻtarilib, oʻzanidan toshgan.

Hodisa oqibatida jarohatlanganlar yoʻq. Mazkur holat viloyat hokimi Rustam Xolmatov tomonidan nazoratga olinib, hokim zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.

Ayni paytda hokimlik va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillaridan iborat ishchi guruh zarar koʻrgan aholi xonadonlariga amaliy yordam koʻrsatish hamda oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tezkor choralar koʻrmoqda. Hududga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda tegishli korxona va tashkilotlarning kuch vositalari jalb qilingan.

Facebook Comments