Toshkent shahar hokimligining “Toshkent shahrini 2041-yilgacha rivojlantirish bosh reja loyihasini ishlab chiqishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Unda Toshkent shahrini kelgusida kompleks rivojlantirish, uning rejasini tuzish va obodonlashtirish sifatini va darajasini yangi bosqichga koʻtarish, shaharning arxitektura-rejalashtirish jihatdan qiyofasini va infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Toshkent shahar hokimligi, “ToshkentboshplanLITI” DUK, “Kentsel Yenileme Merkezi A.S.” (Turkiya) kompaniyasi ishtirokida Toshkent shahrini 2041-yilgacha rivojlantirish boʻyicha bosh reja konsepsiyalari ishlab chiqilganligi maʼlum qilingan.

Toshkent shahrini 2041-yilgacha rivojlantirish bosh rejasida shahar transporti, koʻchalar va magistral tarmoqlari, metropolitenni rivojlantirish kabi muhim yoʻnalishlar qatori poytaxt aeroportini isloh qilish boʻyicha vazifalar koʻrsatib oʻtilgan.

Qayd etilishicha, shaxsiy avtomobil transportining miqdor jihatidan oʻsishida  barcha jamoat transportlarining turlarini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega boʻladi. Elektrobuslar kabi yangi ekologik transport turlarini joriy qilish, jamoat transporti uchun ajratilgan chiziqlarni yaratish, velosiped yoʻlakchalari tizimini yaratish rejalashtirilgan.

Oʻz navbatida magistral koʻchalarning hisob-kitob muddatiga uzunligi 1502,2 km.ni, jumladan uzluksiz harakatlanish magistrali 353,6 km.ni tashkil etadi.

Shahar qurilishi doirasidagi koʻcha magistral tarmogʻining zichligi hisob-kitob muddatiga 2,2 km/kv. km.gacha ortadi.

Yirik transport muhandislik qurilmalarining soni hisob-kitob muddatiga 59ta qurilmaga yetadi.

Metropoliten tizimi tezyurar, ekologik va koʻp yoʻlovchi sigʻimiga ega jamoat transporti sifatida yana-da rivojlantiriladi. Yangi qurilishga yer osti kabi boʻlganidek yer usti liniyalarini qurish moʻljallangan.

Ayni chogʻda uzoq istiqbolga, atrof-muhit va ekologiyani yaxshilash va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha shahardan (shahar markazidan 24-25 km.) janub tomonga 9 kilometr uzoqlikda yangi Toshkent aeroportini joylashtirish koʻzda tutilmoqda. Aeroportning hozirgi mavjud hududi (markazdan 5-6 km.da) istiqbolda qisman cheklovda foydalanish uchun saqlab qolinadi.

Facebook Comments