Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar tuzalib chiqayotgan hududlar safiga Sirdaryo viloyati ham qoʻshildi. Viloyatda ilk bor koronavirusga chalingan 4 nafar bemor butkul sogʻaydi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Sogʻayganlar viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilgan. Sirdaryodan sogʻayganlarning barchasi erkak boʻlib, Fargʻona, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridan 1 nafardan. Ularning 3 nafari Qozogʻiston Respublikasidan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan.

Qolgan 1 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, kasallikni yuqtirib olgan. Eng yoshi kattasi 48 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 33 yoshda.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari vafot etdi, 1059 nafari esa sogʻayib, reabilitatsiyaga olingan. Xorijda 73 oʻzbekistonlikda koronavirus aniqlangan (eng koʻpi — 42 nafari — Rossiyada), ularning besh nafari vafot etgan. Zararlanish holatlari 1969 nafarga yetdi.

Singapurlik olimlar Oʻzbekistonda 20-maygacha koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga barham beriladi deya prognoz qilmoqda.

Facebook Comments