Bir kunda 104 bemor koronavirusdan tuzaldi, sogʻayganlar 1096 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 4 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasidan 3 nafar, jami 7 bemor butkul sogʻaygan. Ular Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan.

Jumladan, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sogʻayganlarning 2 nafari Toshkent shahridan, Buxoro va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Ularning 3 nafari Rossiyadan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan.

1 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, kasallikni yuqtirib olgan. Ularning 2 nafari erkak, 2 nafari ayol boʻlib, eng yoshi kattasi 76 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 38 yoshda.

Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasidan tuzalganlarning barchasi Toshkent shahridan. Jumladan, 11 yoshli va 2 yoshli qizaloqlar hamda 32 yoshli erkak koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.

Bundan tashqari, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 17 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasidan esa 13 nafar, jami 30 nafar bemor butkul sogʻaydi. Ular Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan.

Taʼkidlash joizki, Toshkent shahrida shu paytga qadar 320 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 350 nafarga yetib, Oʻzbekistonda bemorlarning sogʻayib chiqishi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichga ega hudud boʻlib turibdi.

Shunday qilib, bugunning oʻzida 104 nafar bemor tuzalib, Respublika boʻylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sogʻayganlar soni 1096 nafarga yetdi va davolanayotganlarga nisbatan sezilarli darajada oshib ketdi.

Eslatib oʻtamiz, ayni paytda koronavirus aniqlanganlar soni 1969 nafarni tashkil qilib, sogʻaygan va vafot etganlardan tashqari, shifoxonalarda jami 865 nafar bemor davolanmoqda.

Facebook Comments