Davlat test markazi abituriyentlar uchun Test texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasidagi Umumtaʼlim fanlari boʻyicha test topshiriqlarini shakllantirish boʻlimi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, joriy yil qabul test sinovlarida qoʻllaniladigan test topshiriqlari oʻtgan yillarda foydalanilgan test topshiriqlariga nisbatan soddalashtiriladi.

2019/2020-oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul uchun oʻtkazilgan test sinovlari jarayonida tarix va geografiya fanlaridan yozuvsiz xarita, jadval, rasmli test topshiriqlari qoʻllanilgan edi.

Abituriyentlarning test topshiriqlarini tez anglay olishi, fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida endilikda yana chet (ingliz, nemis, fransuz) tillaridan ham holatni ifodalashda rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda. Bu odatdagi talabdan ancha oson boʻladi degani.

Shuningdek, biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni koʻpaytirilmoqda. Bulardan tashqari, ona tili va adabiyotdan mustaqil oʻqish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan va fanga oid chizmali test topshiriqlari sonini koʻpaytirish ustida harakatlar olib borilmoqda.

Kimyo fanidan shakllantirilayotgan test topshiriqlari tarkibida nazariy savollar sonining oshirilishi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlarini yaratish jarayonlari davom etyapti.

Soddalashtirish ishlari fizika fani boʻyicha ham amalga oshirilmoqda va bu quyidagi koʻrinishda aks etadi:

⁃ birinchi qiyinlik darajasidagi (eng oson) test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha koʻpaytiriladi;

⁃ jami test topshiriqlari tarkibida nazariy test topshiriqlarining ulushi oshiriladi;

⁃ abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida “Doimiy fizik kattaliklar jadvali” ishlab chiqildi va u test sinovlari jarayonida taqdim etiladi.

Facebook Comments