Namangan shahridagi “Imron tekstil gruup” korxonasi rahbari, faol yosh tadbirkor, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasining viloyat boʻyicha koordinatori Islombek Qutfiddinov bilan qisqa suhbatlashdik.

Darhaqiqat, Oʻzbekistonda kechayotgan pandemiya davrida, ayniqsa, tadbirkorlar oʻrnak boʻlishmoqda. Ular qoʻllaridan kelganicha prezident va viloyat rahbarlari bilan yelkama-yelka turib, karantin paytida qiynalib qolgan odamlarga saxovat koʻrsatishmoqda.

“Kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishda imkon qadar oʻzimizning xayriya ishlarimiz bilan ishtirok etmoqdamiz. Quvonarlisi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasining imtiyozli kreditidan foydalanib, ishlab chiqarish faoliyatini namunali yoʻlga qoʻygan yigit-qizlar ham tashabbus bilan chiqishmoqda. “Bizdan nima yordam, qanday xizmat bor. Mablagʻimiz va oziq-ovqat mahsulotlarimiz bilan koʻmak berishga tayyormiz”, deyishyapti.

Oʻzim tadbirkor sifatida 50 ta xonadonni otaliqqa oldim. “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga ham 50 million soʻm oʻtkazdim. Biz beparvo emasmiz, biz mehr ulashamiz! Xudoxohlasa, tez orada shu sinovli kunlar tugab, xalqimiz va Prezidentimiz oldida yuzimiz yorugʻ boʻladi!..

Darhaqiqat, Islombek singari shahdi baland namanganlik koʻplab tadbirkorlar Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlashmoqda. Ijtimoiy daxldorligi yuksak biznesmenlarimiz safi ortaversin, ilohim. Zero, muborak Ramazon oyida ehtiyojmand va yordamga muhtoj kishilarga xayru saxovat qilishning ajru mukofoti bisyordir.

Orifjon JOʻRAYEV yozib oldi

Facebook Comments