O‘zbekistonning AQShdagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra 2020-yil 28-aprel kuni AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) 2019-yilda dunyoda e’tiqod erkinligi holati baholangan navbatdagi hisobotini e’lon qildi.

2005-yildan beri ilk marta AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi Davlat departamentiga O‘zbekistonni “diniy erkinliklar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar” (CPC) ro‘yxatiga kiritishni taklif qilmadi.

Ushbu qaror O‘zbekistondagi ilgarilash e’tirof etilganini ko‘rsatdi, zero Davlat departamenti 2018-yil dekabr oyida respublikani “CPC”dan chiqarganiga qaramay Komissiya mamlakatni diniy erkinliklarni buzuvchilarning “qora ro‘yxati”ga kiritilishi kerakligini ta’kidlab kelgan.

“Bizni 2019-yilda ba’zi hukumatlar, xususan ikki davlat tomonidan ko‘rilgan ijobiy choralar hayratga soldi, ular din va e’tiqod erkinligi uchun yanada xavfsiz muhitni yaratishda USCIRF bilan yaqin hamkorlik qilmoqda”, – dedi Komissiya raisi Toni Perkins. Komissiya rahbari 2019-yilda “O‘zbekiston diniy guruhlar uchun ko‘proq erkinlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishda sezilarli ilgarilashga erishganini” qayd etdi.

Komissiya raisi o‘rinbosari Nadin Maenza ham “The Washington Post” nashriga bergan intervyusida shu kabi bayonot qildi. AQShning yetakchi nashri maqolasida Komissiya tomonidan O‘zbekistondagi diniy erkinliklarni ta’minlash sohasidagi ilgarilash yuqori baholangani alohida ta’kidlangan.

Facebook Comments