Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida qaynisingil yangasini pichoqlab oʻldirdi keyin 9 oylik chaqaloqni ham ayab oʻtirmadi, deya xabar bermoqda Postda.uz nashri.

Maʼlum qilinishicha, Chiroqchi tumanidagi “Toshli” mahalla fuqarolar yigʻini Qorakamar qishlogʻida yashovchi N. D. turmush oʻrtogʻi bilan 11 nafar farzandni tarbiyalab, ularning baxtu kamolini koʻrib yashashni orzu qilgan boʻlsa, ajabmas. Ammo farzandlar orasida qizlari M. va Sh.ning baxti ochilmadi. Ular uyda oʻtirib qolishdi. Natijada Sh. hamda qoʻshni uyda yashovchi akasining xotini M.Q. oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqdi.

Nashrning yozishicha, kelin va qaynsingil oʻrtasidagi uzoq yillik nizo joriy yilning 20-aprel kuni yana qoʻzgʻaldi. Shu kuni taxminan soat 09:00larda ular janjallashib qolishdi. Oqibatda jahlini jilovlay olmagan Sh. oʻzi bilan olib borgan oshxona pichogʻini yangasining qorin va koʻkragiga bir necha marotaba sanchib, uni qasddan oʻldiradi.

Bu ham kamlik qilganidek, Sh. hali M.Q.ning 9 oylik goʻdagining qorniga ikki marta pichoq sanchadi. Yaxshiyamki, bolaning egnidagi kiyimlari qalinlik qilib, chaqaloqqa ziyon yetmaydi. Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Facebook Comments