Koronavirusga chalinib, juda ogʻir ahvolda shifoxonaga olib kelingan 72 yoshli bemor sogʻaydi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 21 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 4 nafar, jami 25 bemor butkul sogʻaydi. Ular Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sogʻayganlarning 15 nafari Toshkent shahridan, 6 nafari Toshkent viloyatidan. Ulardan 2 nafari Turkiyadan, yana 1 nafari Rossiyadan, yana 1 nafari Angliyadan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 17 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 9 nafari erkak, 12 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sogʻayganlarning barchasi Toshkent shahridan boʻlib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 1 nafari erkak, 3 nafari ayol boʻlib, eng yoshi kattasi 72 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 28 yoshda.

Eʼtiborli jihati, joriy yil 30 mart kuni koronavirusga chalingan 72 yoshli bemor juda ogʻir ahvolda mazkur klinikaga olib kelingan. Uzoq vaqt sunʼiy nafas olish apparatida boʻlgan bemor fidoiy shifokorlarimizning samarali davolash muolajalaridan keyin infeksiyadan toʻliq tuzalgan boʻlsa-da, boshqa hamroh kasalligi borligi sababli ixtisoslashgan shifoxonaga reabilitatsiya uchun oʻtkazilgan. Ayni paytda Respublika boʻylab koronavirus infeksiyasidan butkul sogʻayganlar 934 nafarga yetdi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 15 martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari vafot etdi, 934 nafari esa sogʻayib, reabilitatsiyaga olingan. Xorijda 73 oʻzbekistonlikda koronavirus aniqlangan (eng koʻpi — 42 nafari — Rossiyada), ularning besh nafari vafot etgan.

Facebook Comments