FVV xabarida keltirilishicha, 2020 yil 27 aprel kuni soat 20:00dan 28 aprelgacha soat 00:30ga qadar Turkmaniston Respublikasi hududidan kuchli shamol kirib kelib, respublikamizning Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 9-40 m/sek. tezlikda shamol esishi kuzatilgan.

Natijada bir necha fuqaro jabrlanib, ulardan bir nafari halok boʻldi. Shuningdek, hududlardagi daraxtlarning agʻdarilishi natijasida ijtimoiy soha obyektlari, aholi yashash xonadonlari va avtotransport vositalariga zarar yetgan.

Yuzaga kelgan shamol oqibatlarining asosiy qismi Buxoro viloyatiga toʻgʻri keladi. Viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasining bergan maʼlumotiga koʻra, taxminan 29 nafar fuqaro yengil va 1 nafar fuqaro ogʻir tan jarohati olgan boʻlib, 1 ta holatda oʻlim qayd etilgan.

Yengil va ogʻir tan jarohati olgan 5 nafar fuqaro tibbiyot muassasasiga yotqizilgan. 26 nafariga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, uyga javob berilgan.

Sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha viloyat hokimliklarida shtablar tashkil etilib, favqulodda vaziyatlarni baholash komissiyalari keltirilgan zararlarni aniqlash ishlarini olib bormoqda.

Facebook Comments