Buxoroda 9 nafar bemor sogʻayib, viloyatda jami tuzalganlar 289 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan navbatdagi 9 nafar bemor toʻliq sogʻaygan. Ular viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilgan.

Shifo topganlarning barchasi joriy yil 25-mart kuni Rossiyadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan.

Ulardan 8 nafari erkak, 1 nafari ayol. Hududlar kesimida oladigan boʻlsak, Toshkent, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahridan 2 nafardan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 19 yosh.

Buxoro viloyati boʻyicha shu paytga qadar 280 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 289 nafarga yetdi. Oʻzbekistonda bemorlarning sogʻayib chiqishi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich hozircha Buxoro viloyatidan qayd etilmoqda.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning 8 nafari vafot etdi, 909 nafari esa sogʻayib, reabilitatsiyaga olindi. Xorijda 73 oʻzbekistonlikda koronavirus aniqlangan (eng koʻpi — 42 nafari — Rossiyada), ularning besh nafari vafot etgan.

Facebook Comments