Kecha, 27-aprel kuni Oʻzbekistonga Turkmaniston hududidan kuchli shamol kirib kelgan, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida sekundiga 9-40 metrgacha tezlikda shamol esgan edi. Oqibatda bir necha fuqaro jarohatlanib, bir kishi halok boʻldi.

Shuningdek, uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma obyektlari va ekin maydonlariga zarar yetgan. Bugun davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Buxoroga yetib borib, aholi bilan uchrashdi va bunday qiyinchiliklardan birgalikda kuchli boʻlib chiqishi haqida gapirdi.

Shundan soʻng Prezident xavfsizlik xizmati rahbarining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov ham oʻz telegramdagi sahifasida ushbu postni yozib qoldirdi.

“Oʻzbekistonning Janubi va Janubi-Gʻarbiy qismiga kelgan kuchli shamol katta talafotlarga sabab boʻldi. Minglab binolarga zarar yetdi, oʻn minglab daraxtlar quladi, bir vaqtning oʻzida toʻrtta viloyat infratuzilmasi ishdan chiqdi. Afsuski, tabiiy ofat sabab bir inson hayotdan koʻz yumdi.

Kuchli shamol ayniqsa Buxoro viloyatiga qattiq zarba berdi. Hozir, bu tabiiy ofat taʼsiriga uchragan odamlar, shuningdek, talafot oqibatlarini bartataf etayotgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa tuzilmalar harbiylari bizning fikru-xayolimiz va duolarimizdadirlar. Biz siz bilanmiz!”, deya yozadi Otabek Umarov.

Maʼlumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Buxoroda turar joylar va infratuzilma obyektlarini taʼmirlash, aholiga har tomonlama koʻmaklashish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilandi.

Facebook Comments