Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safari chogʻida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Muborak Ramazon kunlarida Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, yurtimizni turli balo-ofatlardan asrashini tilab duo qilindi. Buxoro xalqaro aeroportida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, aholi, fermer va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyichavazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi”, deyiladi xabarda.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan Buxoro viloyatiga yetib borib, vertolyotda Qorakoʻl va Olot tumanlaridagi holatni koʻzdan kechirdi. Olot tumani markazida mahalliy aholi vakillari, faollar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlat rahbari kechagi kuchli shamol kutilmagan va ilgari kuzatilmagan tabiiy ofat boʻlganini, odamlar turmushi, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarga salbiy taʼsir qilganini afsus bilan qayd etdi.

“Xalqimiz hamjihat boʻlib, bunday sinovlarni koʻp yengib oʻtgan. Bu safar ham zarur chora-tadbirlar koʻrilib, talofat oqibatlari tezda bartaraf etiladi. Eng muhimi, ruhni tushirmay, birgalikda kurashsak, bu qiyinchiliklardan kuchli boʻlib chiqamiz”, deb taʼkidladi prezident.

Turar joylar va infratuzilma obyektlarini taʼmirlash, aholiga har tomonlama koʻmaklashish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilandi.

Maʼlumot uchun, 27-aprel kuni Oʻzbekistonga Turkmaniston hududidan kuchli shamol kirib kelgan, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida sekundiga 9-40 metrgacha tezlikda shamol esgan edi. Oqibatda bir necha fuqaro jarohatlanib, bir kishi halok boʻldi. Shuningdek, uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma obyektlari va ekin maydonlariga zarar yetgan.

Facebook Comments