Oʻzbekistonda eng boqibegʻam, tepsa tebranmas vazirlik qaysi deb oʻylaysiz? Koʻp oʻylash shartmas, birinchi xayolingizga kelganini ayting!

Ha oʻlmang, toʻppa-toʻgʻri aytdingiz: bu kabi “ulugʻ nomga” faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyani rivojlantirish vazirligi hamda Energetika vazirligi munosib. Bu vazirlikka yurtimizdagi voqeliklar, islohotlar, oʻzgarish jarayonlari umuman qiziq emas.

Alqissa, Erkin Vohidov aytganidek:

“Bizlar arra tortmoqdamiz,

Arramizning tishi yoʻq.

Nega arrang tishi yoʻq? deb,

Soʻraydigan kishi yoʻq”.

Kimga maza — shularga maza-da! Ulardan natijani soʻraydigan, bosim qiladigan birorta odam yoʻq. Yoʻq, men tushunaman, doimiy ravishda internet tezligi sifatini-yu, elektrning muntazam oʻchirilishini tanqid qilayotgan xalq bor, ammo xalqning gapi bu kabi amaldorlarga qiziq deb hisoblaysizmi?

Bugun Feysbukda bitta postga koʻzim tushib qoldi. Madina Bahadirovna oʻz sahifasida quyidagi postni joylabdi. U oʻz postida, jumladan, shunday degan:

“Fevralning oxirida Toshkentga afgʻonistonlik yoshlar konferensiyaga kelishgandi. Oʻzbekiston hududida afgʻon sim kartalari ishlamagani bois, oʻzimizning UMS sim-kartalarini ishlatishdi. Ularni sayohat doirasida “Tashkent City” va “Hilton” mehmonxonasiga olib bordik.

“Hilton”ning shundoq eshigi tagida oʻtiribmiz. Men ularga “Guys, you are standing at the heart of Tashkent!” (“Doʻstlarim, siz Toshkentning yuragida turibsiz”) dedim. Bechoralar, Toshkentning yuragida ekanmiz deb, telegramdan Afgʻonistonga video xabar yubormoqchi boʻlishdi.

Bilasiz-a, Toshkentning yuragida internet “E” “ishlayapti“ (bu ishlamayapti, degani). Ulardan biri: “O my God, internet isnʼt working well”, dedi. Oʻzimning internetimga moʻralasam, bizda ham ahvol “E”. Bola yonidagilarga qarab, “Xoxo“ deb qoʻydi. Doʻstlari afgʻonchalab bir nimalar dedi. Aniq kulishdi.

Ishonasizmi, oʻtgan asrning 70 yillaridan buyon urush tinmayotgan, ahvoli abgor, qoloqlik iskanjasiga botib borayotgan, biz “borma kuyasan“, deydigan Afgʻonistondan kelib, internetimiz sifatiga kulib ketishdi.

Yaxshi gʻoya bor. Men Oʻzbekiston imidjini shakllantirib, koʻproq turistlarni jalb qiladigan imidjmeyker boʻlmoqchiman. Tabiiyki, xorijliklarni yoʻq narsani bor deb aldab, qolaversa, jurnalistikaning qoidalarini buzib, obyektivlikdan chekinib, vijdonimga xilof tarzda Vatanimni maqtamayman.

Aksincha, borini aytaman. Masalan, mana bunday: “Qadrli, turistlar! Internetdagi soxta hayotdan, virtuallikdan zerikdingizmi? Virtual olamda yashab, real hayotdan uzoqlashyapsiz-u, baribir internetni tark etolmayapsizmi? Unda Oʻzbekistonga keling! Bu yerda internet yoʻq. Orzuyingizdagi real hayot — shu yerda!”

Bugun ayni shu mavzuda “Fayzbogʻ” kanalida soʻrovnoma joylashtirildi. Unda 6000ga yaqin respondent ishtirok etdi. Ulardan 41% internet sifatini “Oʻrtacha” deb baholagan, 37% “Yomon” variantini maʼqul koʻrgan va bor-yoʻgʻi 7% ishtirokchi internetni sifatli deb baholagan. Qolganlar esa “Oʻta yomon” degan xulosaga kelishgan. Bu muammo kecha yoki bugun paydo boʻlgani yoʻq, shu sababli, internet sifatiga karantinni roʻkach qilish adolatdan emas. Qoʻshni Qirgʻiziston va Qozogʻistonda internet “uchishi”dan xabarimiz bor.

Darvoqe, Energetika vazirligi toʻgʻrisida ikki ogʻiz. Bugun kichik kanalimda internet sifati boʻyicha kimda shikoyatlar bor boʻlsa, menga yuborishlarini soʻradim. Yakunda bu oʻziga xos chellendjga aylanib, juda koʻpchilik lichkamga rasmlar joʻnatdi. Qizigʻi, internet sifati bilan barobarida elektr energiyasida ham shikoyatlar koʻpayib ketdi. Kanal obunachilarimizning ushbu “norozilik chellendjini” quyidagi link orqali koʻrib chiqishingiz mumkin.

Qoʻshimcha: Hozirgi karantinli davrda bu yoʻnalishda qandaydir ishlar olib borilishi imkonsiz ekanligini men tushunaman. Lekin, umid qilaman, vazirlik kelajakda bu kabi eng oddiy, fuqarolarning kundalik ehtiyoji hisoblangan muammoni hal qilishga harakat qiladi. Xalq islohotlarni bugun sezishi kerak, ertaga emas. Yangi davr boshlanganiga uch yildan oshdi, axir!

“FAYZBOGʻ” kanali muallifi

Facebook Comments