Xorazmda bir yoʻla 33 nafar bemor toʻliq sogʻaydi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Maʼlum boʻlishicha, shu soatlarda Xorazm viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida 33 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sogʻayib, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilgan.

Sogʻayganlarning 30 nafari joriy yil 22-mart kuni Rossiyadan charter reys bilan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

Qolgan 3 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Ulardan 29 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Hududlar kesimida oladigan boʻlinsa, Xorazm, Namangan va Fargʻona viloyatlaridan 5 nafardan, Buxoro va Andijon viloyatlaridan 4 nafardan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridan 3 nafardan, Navoiy, Toshkent, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 61 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.

Xorazm viloyatidan ayni paytga qadar 61 nafar bemor butkul sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 94 nafarga yetdi. Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari vafot etdi, 859 nafari esa sogʻayib, reabilitatsiyaga olingan. Infeksiya yuqtirib olganlar soni 1887 nafarni tashkil etmoqda.

Xorijda 73 oʻzbekistonlikda koronavirus aniqlangan (eng koʻpi — 42 nafari — Rossiyada), ularning besh nafari vafot etgan.

Facebook Comments