Toshkent shahridagi ikkita klinikadan 16 nafar bemor butunlay sogʻaydi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasidan 14 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan esa 2 nafar bemor butkul sogʻayib, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasida sogʻayganlarning 7 nafari Toshkent shahridan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ulardan 9 nafari Turkiyadan Istambul – Toshkent yoʻnalishida, 3 nafari Rossiyadan Moskva – Toshkent yoʻnalishida, 1 nafari esa Seul – Toshkent yoʻnalishida charter reyslar orqali kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan.

Qolgan 1 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 8 nafari erkak, 6 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 63 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 12 yoshda. Ushbu klinikada shu paytga qadar 49 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 63 nafarga yetdi.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sogʻayib chiqqan 53 yoshli va 38 yoshli bemorlar (ayol) Toshkent shahridan boʻlib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, kasallikni yuqtirib olishgan. Mazkur klinikada shu paytga qadar 75 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 77 nafarga yetdi.

Maʼlumot uchun, ayni paytda Respublika boʻylab koronavirus infeksiyasidan butkul sogʻayganlar 826 nafarga yetdi.

Facebook Comments